Andijon viloyatining Asaka tumanidagi maktab binosida o‘qituvchi ayol o‘ldirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qotillik 37-maktabda, o‘quvchilar ko‘z o‘ngida yuz bergani haqida xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Demokrat” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, voqea 27-yanvar kuni soat 15:30 larda Asaka tumanidagi maktab binosida sodir bo‘lgan. Shu maktabda ishlovchi erkak O.U. oilaviy kelishmovchiliklar sabab kelib chiqqan janjal oqibatida o‘zi bilan birga ishlovchi 34 yoshli turmush o‘rtog‘i O.M.ga yonida olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan bir necha marotaba tan jarohati yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng erkak shu tumandagi yashash xonadoniga qaytib kelib, ayolini o‘ldirgan pichoq bilan o‘zining qorniga bir necha marotaba urib, joniga qasd qilganida akasi N.O. ko‘rib qolib, shifoxonaga olib borgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Mazkur holat yuzasidan 27-yanvar kuni fuqaro U.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kodeksga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan avval Samarqandda yollanma qotil orqali tanishini o‘ldirishni rejalashtirayotgan shaxslar ushlangani xabar qilingandi. 2002-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zaro nizo sabab Toshkent shahrida yashovchi tanishini o‘ldirmoqchi bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-yilda 339 ta qotillik qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 288 taga tushgan.