Jamiyat

Bankning «unutilgan» majburiyati: to‘langan qarz va asir qolgan garov

Bankning «unutilgan» majburiyati: to‘langan qarz va asir qolgan garov

Bank kredit munosabatlarida garov masalasi doimo e’tibor markazida turadi. Chunki garov — majburiyatni ta’minlovchi vosita. Biroq u majburiyat bajarilgandan keyin ham asossiz ravishda saqlanib qolsa, tadbirkorlik faoliyatiga jiddiy to‘siqqa aylanishi mumkin.

Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2020-yil aprel oyida bank muassasasi bilan bir fermer xo‘jaligi o‘rtasida katta miqdorda kredit shartnomasi tuzilgan. Ushbu kreditni olishda tadbirkorga yordam berish maqsadida Ashurov Saidislomga tegishli noturar bino-inshoot garovga qo‘yib berilgan. Garov shartnomasi qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirilib, garov qiymati belgilangan.

Biroq kredit oluvchi tomonidan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, bank muassasasi fuqarolik sudiga murojaat qilgan. Sud qarori bilan kredit qarzdorligini undirish hamda undiruvni garov mulkka qaratish belgilangan. Ashurov Saidislom sud qarorida belgilangan 750 million so‘m mablag‘ni bank hisob-raqamiga to‘lab, garov bilan ta’minlangan majburiyatni to‘liq bajargan. Shunga ko‘ra, qonun talablariga binoan, garov bilan bog‘liq majburiyat bekor qilinishi lozim edi. Ammo amaliyotda bunday bo‘lmadi. Garov mulkidan taqiqni olib tashlash masalasida bank tomonidan aniq harakatlar qilinmagan. Bu esa fuqaroning qonun bilan kafolatlangan huquq va manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Natijada mulk egasi iqtisodiy sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Sud tomonidan garov shartnomasining da’vogarga taalluqli qismi bekor qilinib, garovga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash majburiyati bank zimmasiga yuklatilgan. Sud ushbu qarorni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 283-moddasiga tayangan holda qabul qilgan. Unga ko‘ra, garov bilan ta’minlangan majburiyat bekor qilinsa, garov ham bekor qilinadi.

Apellatsiya bosqichida bank tomonidan keltirilgan vajlar, xususan, kredit qarzdorligi to‘liq qoplanmagani, garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlangani haqidagi da’volar sudlov hay’ati tomonidan asossiz deb topilgan. Chunki kredit bo‘yicha asosiy majburiyat kredit oluvchi zimmasiga tegishli bo‘lib, garov mulki egasining javobgarligi faqat garov shartnomasida belgilangan summa doirasida edi. Ushbu majburiyat esa amalda to‘liq bajarilgan.

Sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi qarorini o‘zgarishsiz qoldirish bilan birga, bank tomonidan garov mulkini o‘z vaqtida taqiqlashdan yechish bo‘yicha harakatsizlik holatlariga huquqiy baho berish hamda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan xususiy ajrim chiqargan. Sud qarorlarini o‘z vaqtida ijro etmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Osim Sadikov, Andijon viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi