Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida bir yigit xorijlik fuqaroga nos chekishni taklif qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda fuqaro chet ellikni nos chekishga majburlagan, so‘kkan va urish bilan tahdid qilgan.
“Chekasan! Hozir uraman. Senga O‘zbekiston bedarvozami? Nosni chek”, — degan yigit videoda.
Poytaxt IIBB tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida voqea 25-yanvar kuni Chilonzor tumanidagi istirohat bog‘larining birida sodir bo‘lgani aniqlangan.
20 yoshli M.K. chet el fuqarosiga nos tamaki mahsulotini chekishni taklif qilgan holda uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan M.K.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining ma’lum qilishicha, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.