Ayolning jasadi va uning ikki farzandini O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplangan. Bosh konsulxonaga ko‘ra, Durdona Hakimova harbiy kiyim-kechak savdo do‘koni muassisi bo‘lgan va faol tadbirkor sifatida ko‘plab o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatib kelgan. Idora marhumaning sha’nini kamsituvchi biryoqlama fikrlar tarqatmaslikni so‘radi.
Turkiyaning Istanbul shahrida qotillik qurboni bo‘lgan Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, marhuma va uning farzandlarining vatanga qaytish bilan bog‘liq xarajatlari Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplab berilgan.
“Afsuski, mazkur hodisa yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, salbiy hamda biryoqlama fikrlar tarqalmoqda.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, Durdona Hakimova Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan “Eskeri melzeme” nomli harbiy kiyim-kechak savdo do‘koni muassisi bo‘lgan. U faol tadbirkor sifatida ko‘plab yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatib kelgan. Uning farzandlari esa dizaynerlikka ixtisoslashgan litseyda tahsil olishgan”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona fuqarolardan vaziyatni to‘liq o‘rganmay turib, biryoqlama, noxolis va shaxsni kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan va bunday harakat qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib kelishini, shuningdek, millatga nisbatan xalqaro maydonda salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lishini eslatgan.
24 yanvar kuni Istanbul shahridagi chiqindi konteyneridan Durdona Hakimovaning boshsiz jasadi topilgandi. Holat bo‘yicha o‘zbekistonlik ikki erkak Gruziyaga uchib ketayotganida gumonlanib qo‘lga olingan.
So‘ngra Durdona Hakimovaning o‘ldirilishi Istanbul va Anqarada norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Türkiye Today nashriga ko‘ra, namoyishlar Shishli tumanida, shuningdek, Turkiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!