Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi uy xonadonlarining birida gaz portladi. Bu haqda FVV xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, 31-yanvar kuni soat 08:23 da 112 tizimi orqali tumanning “Tinchlik” MFYda joylashgan 2 qavatli uy xonadonlarining birida gaz portlashi sodir bo‘lgani to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga FVV qutqaruvchilari va boshqa tegishli xizmatlar yetib borgan. Vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gaz plitasidan foydalanish jarayonida sizib chiqqan gaz natijasida portlash sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro tan jarohati olgan va shifoxonaga yuborilgan. FVV halok bo‘lganlar yo‘qligini ma’lum qildi.