Janubiy Koreyadagi yong‘inda o‘zbekistonlik fuqaro halok bo‘lgani o‘z tasdig‘ini topmadi. Bu haqda “Dunyo” agentligi maʼlum qildi.
Chungchongpuk-do provinsiyasidagi maishiy gigiyena mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodda yong‘in sodir bo‘lgani, o‘t qo‘shni ishlab chiqarish korxonalariga ham tarqalgani xabar qilingandi.
Yong‘in sodir bo‘lgan paytda zavodda ishlayotgan 83 nafar xodimdan 81 nafari evakuatsiya qilingan. Biroq nepallik va o‘zbekistonlik 2 xodim bedarak yo‘qolgan, deya taxmin qilingan.
Aniqlik kiritilishicha, halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjud emas. Diplomatlar voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganganida halok bo‘lgan shaxs 60 yoshli qozog‘istonlik ekani aniqlandi.
Yong‘inni o‘chirish uchun favqulodda xizmatlar 2-darajali javob rejimini e’lon qilib, 105 nafar qutqaruvchi, 56 ta maxsus texnika va 4 ta vertolyotni safarbar etgan.
Hozirda yong‘in nazorat ostiga olingan. Favqulodda xizmatlar yong‘in to‘liq bartaraf etilgach, hodisaning aniq sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlaydi.