Jahon

JSST: Koronavirus mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda

JSST: Koronavirus mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda

COVID-19 ning ilk o‘choqlari aniqlanganidan buyon to‘rt yil vaqt o‘tdi. Ammo virus hanuz oramizda, atrofimizda. Hamon odamlar hayoti va salomatligiga xavf solib turibdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi rasmiy vakili Melita Vuynovichning ta’kidlashicha, o‘tgan davrda koronavirus insoniyatga moslashdi va mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda.

Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, qish mavsumi kelishi bilan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida COVID-19 bilan birga nafas yo‘llarining boshqa patogenlari ham ko‘p uchramoqda. Ushbu infeksiya hamon og‘ir holatlar va bemorlar o‘limiga sabab bo‘layotgani achinarlidir.

Ayni paytda shifoxonaga yotqizish holatlari bo‘yicha JSSTga ma’lumot taqdim etib borayotgan mamlakatlarning qariyb yarmida kasallikning o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Finlyandiya, Slovakiya va Italiya shular jumlasidan.

Ekspert mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, aholi gavjum joylarda tibbiy niqob taqish zaruriy profilaktika chorasi ekanligini ta’kidladi. Bunga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub aholi qatlami — keksalar, qandli diabet va yurak-qon tomir xastaliklari bor bemorlar, immuniteti zaif kishilar va homilador ayollar amal qilishlari kerak.

Eslatib o‘tamiz, hozir Yer yuzida qayd etilayotgan barcha shtammlar «omikron» mutatsiyalaridir. Xususan, «Eris» deb nomlangan EG.5 varianti sayyoramiz bo‘ylab tarqalgan SARS-CoV-2 versiyalarining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Bundan tashqari, ba’zi mamlakatlarda HV.1, «Kraken», JN.1 hamda VA.2.86 mutatsiyalari dominant variantlarga aylangan.