Yangiliklar

“Nahotki, masʼullar bundan manfaatdor boʻlsa?” – jurnalist soha vakillariga nisbatan boʻlayotgan haqorat va heytlarning javobsiz qolayotgani haqida

“Nahotki, masʼullar bundan manfaatdor boʻlsa?” – jurnalist soha vakillariga nisbatan boʻlayotgan haqorat va heytlarning javobsiz qolayotgani haqida
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jurnalist Inobat Ahadova Oʻzbekistonda jurnalist va blogerlar shaxsiyati, faoliyatiga nisbatan koʻpayib borayotgan haqorat va tuxmatlar hamda ularning huquq organlari tomonidan jazosiz qoldirilayotgani haqida fikrlarini bildirdi.

Ahadova oʻz Facebook sahifasida ulashgan “Bugungi informatsion vaziyat haqida” sarlavhali maqolada shu haqda soʻz boradi.

“Anchadan beri shu mavzuda yozaman deb yurgandim. oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqqa kirish ham qoʻrqinchli film koʻrish bilan teng boʻlib qoldi, atrofimiz informatsion urush, bulling, haqorat, heytlarga toʻlib ketdi. Hurmatli bir hamkasbimiz aytgandek, barcha jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarga xizmat qilgan soʻz erkinligi nega bizga kelganda ishlamay qolishi kerak? Nima yasamoqchi boʻlsak ham tandir chiqib qolaveradi? Mediatahlilchilar 3-4 yilda hammasi oʻtib ketib, axborot muhiti normal holatga tushadi degan prognozlar ham amalda ishlamadi. Urha-urlar, kanalizatsiya kanallaridan oqizilayotgan magʻzavalar tinay demaydi, jurnalist, blogerlar shaxsiyati yer bilan bitta qilinyapti. Eng yomoni shu ishni chetdan kimdir, yo begonalar emas oʻzimizning qorakoʻzlar qilayotgani ayonlashib boryapti. Albatta, hammasi hokimiyat uchun, pul uchun, har turli manfaatlar uchun. Lekin aslo haqiqat uchun emas!

Oxiri shu darajada oʻyinlardan toʻydikki, soʻz erkinligi bizga emas ekan, bizga nazorat kerak degan xulosalar aytilyapti. Maqsad ham shudir, ommani, hatto ziyolilarni shu xulosaga kelishga “majbur qilish”dir. Unutmangki, oʻsha troll, anonim kanallar ortida turganlar ham shu jamiyat odamlari.

“Kompromat ishi” jurnalist, bloger, matbuot kotiblariga saboq boʻlmadi, afsuski. Aksincha, ayrimlarni ruhlantirib yuborganga oʻxshayapti. Oʻziga maʼqul informatsiyani sizdirish, ommani manipulyatsiya qilish, narigi “toʻda”ga hujum qilishlar toʻxtamayapti. Afsuski, anonim kanallarni yuritayotgan jamoa boshida matbuot kotiblari, jurnalist va blogerlar turgani haqida gapirilyapti, aksariyati kimligi haqida aniq xulosalar ham chiqarilyapti. Menga dahli yoʻq degan bayonotlar berildi hatto. Oʻylab qolasan shunaqa anonim kanallar ishi, hamma jurnalistlarga loy chaplayotganlarga nega axborot siyosatiga masʼullar, AOKA kabi tizimlar befarq. “Telegraf”, “Joʻqqi jurnalist” keyslarida taxmin qilinayotgandek ish boshida matbuot kotiblari turgan boʻlsa qanday xulosa qilinishi qiziq. Bir vaqtlar ochiqlik uchun xizmat qilishi kerak deb tashkil etilgan tizim shantaj, tovlamachilik, maʼlumotlarni sizdirish, trollar fabrikalari yaratishga xizmat qilmayaptimi? Agar shu rost boʻlib chiqsa bunaqa shtatlarning, ularni nazorat qilib oʻtiradigan AOKAning nima keragi bor oʻzi?

Jurnalist, bloger avvalo fuqaro. Davlat, huquq tartibot tizimi uchun fuqarolarni obroʻsi shu darajada ahamiyatsizmi? Istagan 4-5 tasi oʻtirib anonim kanal ochsa, unda faollarni rasmini qoʻyib bilganicha kalaka qilsa. Qani fuqaro muhofazasiga masʼullarning reaksiyasi? Yo oʻzingiz shu ishdan manfaatdormisiz, shu xulosaga kelaveraylikmi? Dunyoning narigi chekkasidagi odam prezident shaʼnini kamsitsa bir kunda ushlab kela oladigan tizim jurnalist, blogerlar shaʼniga kelganda shunaqa ojizligiga kimdir ishonadimi? Yo bu kanallar ham prezident oilasi, Allamjonovlar darajasidagi shaxslarni haqorat qilgunicha kutish kerakmi? Bir vaqtlar feysbukdagi shu kabi sahifalar Mass media, AOKA kabilar tashabbusi bilan bloklatilgan edi. Feysbuk, Telegram maʼmuriyatiga monitoring qilib maʼlumotlar yuborilgandi, keyin tarmoq ularni bloklagan. Yuzta ochilsa, yuzta xat qilinishi, huquq-tartibot idoralari esa tomosha qilib oʻtirmasdan kanal adminlarini topishi kerak. Qonun ustuvorligi taʼminlansin.

Ijtimoiy tarmoqlar qurolga aylanib boʻldi. Hamkasblarga “Kompromat ishi”, Abduqodir Moʻminov, Olimjon Haydarov keyslaridan keyin Kun.uzʼdagi suhbatni qayta koʻrishni tavsiya qilaman. Suhbatda Navbahor Imomova juda yaxshi xulosa atgan: «Jurnalistlar hech kimga ishonib qolmasligi kerak, superehtiyotkorlik lozim.

Insoniyat, bashariyat uchun soʻz erkinligi muqaddas, hukumat uchun ham beqiyos kapital“. 3-4 magʻzavachini deb voz kechib yuboriladigan arzon narsa emas u!

Hamkasblarim, siz esa jurnalist, bloger Eshmat, Toshmatlarga magʻzava agʻdarilganda tomoshabin boʻlish, ”xa-xa“, ”xe-xe» qilib oʻtirishni yigʻishtiring. Bu kun sizning boshingizga ham tushishi mumkin. Bundan kafolatlanmagansiz. Undan koʻra qonun ustuvorligini talab qiling, nazoratni emas!”

Inobat Ahadova, jurnalist