Yigʻilishda oʻgʻit sifati va ustamasi boʻyicha ayrim tumanlarda eʼtirozlar boʻlayotganiga toʻxtalib oʻtildi. Prezident mutasaddilarga fermerlarga oʻz hisobidan oʻgʻit sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish boʻyicha taklif kiritishga topshiriq berdi (masalan, bank yoki sugʻurta kafolati asosida boʻlib-boʻlib toʻlash, tijorat krediti foizlarini pasaytirish).
Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral oʻgʻitni tashishda transportni logistika portalida majburiy roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, fermerlarga yoqilgʻini oʻz vaqtida yetkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
75 ta yirik kanalni betonlashga byudjetdan 680 milliard soʻm ajratilgan. Asosiy maqsad eng koʻp suv yoʻqotiladigan kanallarni sugʻorish davri boshlanishigacha betonlashdan iborat. Lekin, Qashqadaryodagi loyihasi tayyor 9 ta kanalni beton qoplamaga oʻtkazish ishlari bor-yoʻgʻi 34 foizga bajarilgan. Yoki, Sirdaryodagi 3 ta kanalda betonlash boʻyicha bajarilgan ishlar 10 foizga ham yetmaydi.
Prezident hamma kuchni toʻliq safarbar qilib, vegetatsiya davri boshlanguncha betonlash ishlarini yakunlash shartligini taʼkidladi. Suv yoʻqotishlarini kamaytirish va suvni tejab ishlatish Suv xoʻjaligi vazirligining eng asosiy vazifasi ekani qayd etildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!