Yangiliklar

Bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urugʻlik chigitni olib kelish topshirildi

Bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urugʻlik chigitni olib kelish topshirildi

Prezident raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda 2024-yildan ilk bor chetdan olib kelingan chigitni ekishga ruxsat berilgani aytildi. Lekin, shu paytgacha Paxtachilik kengashi, Karantin agentligi, viloyat hokimlari bir toʻxtamga kelib, qayerdan, qanday navli urugʻ olib kelib, qayerga ekishni hal qilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urugʻlik chigitni olib kelish topshirildi. Umuman, joriy yilda 100 ming gektarda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish muhimligi taʼkidlandi. Oʻtgan yili gʻalla hosili ilk bor 8 million tonnaga yetdi.

Fermerlar manfaatdorligini yanada oshirish uchun bu yil gʻallachilikda ham yangiliklar qilinishi taʼkidlandi. Joriy yilda paxtadagi kabi gʻallada ham imtiyozli kreditni toʻgʻridan-toʻgʻri fermerga berish tizimi joriy qilinadi. Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bugʻdoyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati 2024-yilda ham toʻliq byudjetdan qoplanadi.

Prezident yana 70 ta tumanda mineral oʻgʻit saqlash omborlarini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berdi. Omborlardagi oʻgʻitlar qoldigʻini kunlik monitoring qilib, yetishmagan qismini zudlik bilan yetkazish muhimligi qayd etildi. Buning uchun fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral oʻgʻit kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirishga koʻrsatma berildi.