Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev BAA iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev BAA iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri Shayx Muhammad Ol Maktum, vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va Abu-Dabi Valiahdi Shayx Holid Ol Nahayonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning qoʻshma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni oshib bormoqda. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetdi.

Energetika, transport, logistika, qishloq xoʻjaligi, suv taʼminoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.