Yangiliklar

Surxondaryoda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali davom etmoqda

Surxondaryoda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali davom etmoqda

Boysun tumanidagi Bibishirin mahallasidagi sayyohlik majmuasida 2-may kuni «Boysun bahori» festivali boʼlib oʼtdi deb xabar bermoqda demokrat.uz muxbiri, mazkur festival 1-7 may kunlariga qadar davom etadi.

Turizm qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, hamda Madaniyat vazirligi hamkorlikda Boysun tumanining Bibishirin mahallasida joylashgan turizm kompleksida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali tashkillashtirildi.

Ma’lumot uchun, Boysun – 2001 -yilda UNESCO tomonidan «Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi» durdonasi sifatida e’tirof etilib, 2008-yilda UNESCOning «Insoniyatning nomoddiy madaniy meros» reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Birinchi “Boysun bahori” festivali 2002-yilda o‘tkazilgan. Ohirgi marta festival 2022-yilning 7-8 may kunlari tashkil etilgan. Shundan so‘ng, xalqaro festival  har 2 yilda bir marta o‘tkazilishi belgilandi.

Bu yil yettinchi marta tashkil etilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali tamomila yangi shukuh va yangicha uslubda, yuksak badiiy saviyada o‘tkaziladi. Shu maqsadda so‘lim tog‘lar qo‘ynidagi Bibishirin mahallasida zamonaviy turistik maskan barpo etildi. Bu yerda besh qavatli, to‘rt yulduzli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, viloyatlar qo‘rg‘onlari uchun joy, etnosport maydonchalari va boshqa infratuzilma inshootlari qad rostladi. O‘tovlar o‘rnatilib, Termiz shahri, tumanlar va viloyat tashkilot, muassasalarining qo‘rg‘onlari tashkil etildi.

Festival doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, taniqli san’atkorlar hamda folklor jamoalar ishtirokida festivalning ochilish marosimi, milliy sozlar va liboslar, taomlar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalari, dronshoular, etnosport bellashuvlari, shunigdek, uloq-ko‘pkari, kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, varrak sayli kabi turli xalq o‘yinlari tashkil etildi.

Shuningdek, folklor festivali doirasida ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro ko‘rik-tanlovda dunyoning 13 davlati jamoasi va yakkaxon xonandasi, mamlakatimizning 15 ta folklor-etnografik ansambli o‘z mahoratini keng namoyish etdi. Ularning chiqishlarini xalqaro hakamlar hay’ati ochiq, oshkora baholadi. Ko‘rik-tanlovning folklor san’ati yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Mehmonlar mato, gilam to‘qish, kashtachilik, do‘ppido‘zlik, chanqovuz, do‘mbira, sibizg‘a, g‘ajirnay yasash kabi Boysunning xalq amaliy san’atidan bevosita bahramand bo‘lishdi.