Jahon

Dog‘istonlik amaldor hibsga olindi. Uning o‘g‘illari qurolli hujumda qatnashgani aytilmoqda

Dog‘istonlik amaldor hibsga olindi. Uning o‘g‘illari qurolli hujumda qatnashgani aytilmoqda

Dog‘istonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Umarov hibsga olindi. Uning ikki o‘g‘li – Odil va Usmon Maxachqalʼa va Derbentdagi cherkov va sinagogaga uyushtirilgan hujumlarda qatnashgani, ikkalasi ham otib o‘ldirilgani aytilmoqda. Bu haqda RBK xabar berdi.

«Katta Umarov Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari tomonidan so‘roq qilinmoqda», – deyiladi xabarda.

Mash Telegram-kanalining yozishicha, Umarovni olib ketish uchun yuborilgan mashina Sergokala qishlog‘ida o‘qqa tutilgan.

Avvalroq Umarov o‘z ixtiyori bilan isteʼfoga chiqmoqchi bo‘lgan.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, qurolli hujum oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘lgani va 25 kishi jabrlangani aytilmoqda. Dog‘istonda terrorizmga qarshi operatsiya rejimi joriy etilgan: Maxachqalʼa va Derbentga kirish-chiqish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan, politsiya mashinalarni tekshirmoqda. Ko‘chalarda harbiy texnikalar harakatini ko‘rish mumkin. Otishma ovozlari tinmayapti.