Unga koʻra, bu dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025-yil 1-sentyabrga qadar barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ekspert komissiyalariga tibbiy hujjatlar oilaviy shifokorlar tomonidan elektron yuboriladi. Baholash Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining moslashtirilgan mezonlari asosida “Inson” markazlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda uning reabilitatsiya dasturi hamda protezga muhtojligi boʻyicha maʼlumotlar shakllantiriladi.
Endi ekspert komissiyalari tomonidan kasbga, taʼlimga, sportga tavsiya berish, mehnatga layoqatsizlikni belgilash tartibi bekor qilinadi. Bunday shaxslar ish, sport va taʼlimga individual yondashuv asosida yoʻnaltiriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning xavfsiz va toʻsiqlarsiz harakatlanishi uchun sharoitlarni kengaytirish ham koʻzda tutilmoqda.
Shu bois quriladigan va taʼmirlanadigan binolar bunga moslashganligi boʻyicha majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi. “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” jamgʻarmasining kamida 10 foiz mablagʻi har yili chorrahalarni nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirish boʻyicha qurilish va jihozlashga yoʻnaltiriladi. Toʻsiqlarsiz muhit yaratilgan obyektlarning elektron interaktiv xaritasi yaratiladi.
Jamoat transporti boʻyicha tenderlarda faqatgina nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirilgan avtobuslar ishtirok etishi mumkin boʻladi. Shahar jamoat transportida I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul xizmat koʻrsatiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarni madaniy tadbirlar, koʻngilochar tomosha va marosimlarga jalb qilish boʻyicha amaliy choralar koʻriladi.
Taqdimotdagi yana bir taklif Jahon banki ishtirokidagi “Inson” loyihasi haqida boʻldi.
Bu loyiha aholining zaif qatlamlarini jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan boʻlib, uning doirasida 55 ta koʻpfunksiyali hududiy xizmatlar markazi tashkil etiladi va 20 turdagi ijtimoiy xizmat yoʻlga qoʻyiladi. Toshkent, Fargʻona va Samarqandda 4 ta namunali inklyuziv kasb-hunar taʼlimi markazlari tashkil etiladi.
“Ijtimoiy karta” tizimi joriy etiladi
Bu orqali ijtimoiy toʻlovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlari toʻliq avtomatlashtiriladi. “Ijtimoiy karta” bir vaqtning oʻzida ham toʻlov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdigʻi hisoblanadi.
Bu tartib dastlab Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida, keyingi yildan boshqa hududlarda joriy etiladi. Natijada 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordamlar va 200 ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimga umumlashtiriladi. Qogʻoz shaklidagi hujjatlar bekor qilinib, vaqt va mablagʻ tejaladi. Soha toʻliq raqamlashtirilishi orqali har bir oilaning ehtiyojlari va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!