Ilm-fan, Jamiyat

Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmogʻi tashkil etiladi

Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmogʻi tashkil etiladi

Prezident Farmoni(PF-158-son)ga koʻra, kasbiy taʼlim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirilib, kasbiy taʼlimning barcha darajalari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmogʻi tashkil etiladi.

Texnikumlarda:

— kadrlar tayyorlash Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va Oʻzbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;

— boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi;

— boshlangʻich kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan oʻquvchilar uchun – davlat granti asosida amalga oshiriladi;

— oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida tashkil etiladi;

— oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarining bitiruvchilariga oʻzlashtirgan modullari, toʻplagan kreditlari va oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar oʻrtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan oʻqishni davom ettirishga ruxsat etiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan texnikumlarga quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat beriladi:

— fanlarni bir-biriga integratsiya qilishga hamda ajratilgan soatlar doirasida mutaxassislik va umumkasbiy fan (modul)larning soatlarini 30 foizgacha oʻzgartirishga;

— yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari ishtirokida toʻlov-kontrakt asosidagi qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilishga;

— kadrlar tayyorlash va qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzishga;

— fuqarolar va ishsizlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil qilishga;

— kasbiy koʻnikmalar markazlaridan amaliyot bazalari sifatida bepul foydalanishga.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan talab “Kasbiy taʼlim” platformasi orqali shakllantiriladi.

2025/2026 oʻquv yilidan belgilangan texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlari joriy qilinadi.

Xalqaro taʼlim dasturlari asosida taʼlim olgan va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilarga xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha diplom (sertifikat) hamda kasbiy taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi diplom beriladi.

Kasbiy taʼlim tizimida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha masʼul organ etib Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilandi.