O‘zbekistonda 2018-yilda ro‘yxatdan o‘tgan Uzstanex mexanik dastgohlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Uning ustav fondi 65 mln so‘m bo‘lib, yagona ta’sischisi Vasiliy Abramovdir. Korxona Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan.

AQSH G‘aznachilik departamenti mazkur dastgohlar Rossiyaga yetkazib berilganini ma’lum qildi. Tegishli faoliyat bilan Qozog‘istondagi Kazstanex kompaniyasi ham shug‘ullangani ta’kidlangan. Tovarlar Xitoyda joylashgan Shanghai Winsun Imp va Exp Co Ltd (Shanghai Winsun) orqali Rossiyaga yetkazilgan. Shu sababli sanab o‘tilgan kompaniyalarga sanksiyalar qo‘llanilgan.

The Elite Investment Group 2024-yil yanvar oyida ulgurji va nomutaxassis savdo uchun tashkil etilgan. Kompaniya Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan. Ta’sischi va direktor Nodira Kazakbayeva bo‘lib, ustav fondi 3 million so‘mni tashkil etadi.

“Kompaniya 2024-yil mart oyi o‘rtalaridan maygacha GUCLU GLOBAL kompaniyasini tashuvchi agenti sifatida foydalangan holda, Rossiyadagi kompaniyalarga, shu jumladan AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan va Rossiyada joylashgan GTS GRUPP kompaniyasiga taxminan 190 000 dollar qiymatidagi yuqori ustuvor tovarlarni, jumladan elektr transformatorlarini yetkazib berdi”, deyiladi G‘aznachilik departamenti xabarida.

Turkiya kompaniyalari 2023-2024-yillarda Rossiyaga mikroelektronika komponentlari, yarimo‘tkazgichlar, turli xil elektr uskunalari yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Kompaniyalarning o‘zi asosan elektron texnologiyalar, mashinasozlik, logistika, shu jumladan, aviatsiya sanoati sohasida faoliyat yuritadi.