Sport

JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston Shimoliy Koreya bilan o‘yinda g‘alabaga erishdi

JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston Shimoliy Koreya bilan o‘yinda g‘alabaga erishdi

JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 6-turi doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Laosda Shimoliy Koreya mehmoni bo‘lib qiyin, ammo juda muhim g‘alabaga erishdi.

Uchrashuvdan oldin jarohat sababli Eldor Shomurodov va Otabek Shukurov maydonga tusha olmasligi aniq edi.

Birinchi bo‘lim yakunida Abbosbek Fayzullayevning yo‘llagan zarbasi jamoamizni tanaffusga g‘olib sifatida yo‘l olishini ta’minladi – 1:0.

Ikkinchi bo‘limning 83-daqiqasida o‘zbekistonlik muxlislar xavfsiragan vaziyat yuz berdi. Bosh hakam Umarbek Eshmurodovning qo‘polligini VAR orqali tekshirib, uni maydondan chetlatdi. 10 kishi qolgan jamoamiz darvozasiga esa penalti belgilandi. Baxtimizga darvozabon O‘tkir Yusupov 11 metrlik jarima zarbasini qaytarishga muyassar bo‘ldi. U 1-davrada Toshkentda o‘tgan bahsda ham koreyslarning penaltidan yo‘llagan zarbasini bartaraf eta olgandi.

O‘zbekiston milliy jamoasi Qatardan keyingi ikkinchi safar o‘yinida g‘alabani saqlab qolishga erishdi va guruhda 13 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Peshqadam Eron bugun Qirg‘iziston mehmoni bo‘ladi, BAA va Qatar esa o‘zaro maydonga tushadi. O‘zbekiston navbatdagi turni keyingi yilning mart oyida Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadi.

JCh-2026 saralashi.

A guruhi. 6-tur

KXDR – O‘zbekiston – 0:1