Jinoyat

Samarqandda mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi

Samarqandda mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi

Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi va Narpay tumanlarida mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1972-yilda tug‘ilgan Samarqand shahar Mudofaa ishlari bo‘limining Safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik S.I. va uning yordamchisi – 1991-yilda tug‘ilgan F.E. ham o‘z mansab vakolatidan noqonuniy yo‘llarda foydalanib, o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda Samarqand shahrida yashovchi mahalliy fuqaroning AQSHga ishlash uchun ketgan o‘g‘lini safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni o‘tagani xususida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 AQSH dollari talab qilgan. Mansabdorlar kelishilgan mablag‘ni olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumani Soliq inspeksiyasi inspektori, 1981 yilda tug‘ilgan M.R. mazkur tumanda yashovchi mahalliy fuqaroning 11 million 500 ming so‘m miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan o‘chirish va qarzdorlik to‘langani xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 6 million so‘m pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Xuddi shunday, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoiy harakatlar Paxtachi va Narpay tumanlarida ham sodir etilgan. Jumladan, Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qo‘riqlash bo‘limi xodimi, 1998-yilda tug‘ilgan safdor Sh.A. mahalliy fuqaroga Paxtachi tumanida joylashgan “Qoraqo‘ton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 million so‘m va 600 AQSH dollari talab qilib, kelishilgan puldan qolgan 600 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan bo‘lsa, 1998-yilda tug‘ilgan Narpay tumanida yashovchi, Samarqand viloyat Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muhandisi S.Sh. mahalliy fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turarjoyga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 700 AQSH dollarini cho‘ntakka joylamoqchi bo‘lgan vaqtida fosh etilgan.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.