Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 8-sinf qizning zo’rlangani haqida xabar tarqalgandi. Hodisa yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi ma’lumot berdi.
Unga ko’ra, 2024-yil 23-sentabr kuni o‘g‘irlab ketilgan qiz oradan 13 kun o‘tib, 6-oktyabr kuni badanida zo‘ravonlik izlari bilan topilgan. Shu kuni, 6-oktyabrda voyaga yetmagan qiz bir necha shaxs tomonidan zo‘rlangani haqida ariza bilan murojaat qilgan.
Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlangan.
U joriy yil 30-oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan ishdan bo‘shatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, 31-oktyabr kuni Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan. 8 nafar shaxs, shu jumladan Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan. Bir nafar gumonlanuvchi qdirilmoqda.
Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan prokuratura nazorati o‘rnatilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!