2024-yilning noyabr oyida Toshkentning Yakkasaroy tumani hokimligida poytaxtning “Askiya” bozori o‘rnida savdo markazi, mehmonxona va ekobozor qurilishi loyihasi taqdim etildi. Hudud uchun tenderda 225,59 mlrd so‘mlik taklif bilan Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, Yunusobod bozori o‘rnida ham ekobozor qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan edi.

Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovaning ta’kidlashicha, “Askiya” bozori hozirgi holatida zamonaviy talablarga javob bermaydi — savdo rastalarining ochiqlikda joylashganligi yog‘in-sochinli ob-havo sharoitida tashrif buyuruvchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda, shuningdek, avtoturargoh va transport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolar bor.

Bu ekobozor — transport bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan yopiq bozor ekanligini anglatadimi? “Gazeta.uz” bu atamaning mohiyatini oydinlashtirishga harakat qildi.

Tijoriy ko‘chmas mulk sohasidagi CMWP Uzbekistan kompaniyasi maslahatchisi Amal Hayitovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, xalqaro amaliyotda ekobozorga o‘xshash freshmarket atamasi bor.

“Ekobozor — bu yangi, tabiiy va ekologik toza mahsulotlar sotiladigan zamonaviy savdo formati. Toshkentda bu format nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan va an’anaviy bozor xususiyatlarini supermarket elementlari bilan birlashtiradi”, — deydi Amal Hayitov.

Birinchi Ekobozor 2018-yili Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sobiq tramvay deposi o‘rnida, ikkinchisi 2022-yili Shayxontohur tumanida, “Beruniy” metro bekati yaqinida ochilgan. 2024-yil avgustida uning Yangihayot tumanidagi filiali ish boshladi.

Amal Hayitovning so‘zlariga ko‘ra, ekobozorning an’anaviy bozordan asosiy farqi — mahsulotlar sifatining nazorati bilan bog‘liq, barcha tovarlar zarur sertifikatlarga ega bo‘ladi.

Shayxontohur ekobozori sotuvchilarining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi har kuni nafaqat mahsulotlar sifati, balki peshtaxtalar, muzlatkichlar va asboblarning holatini ham tekshiradi.

cmwp, ecobozor, ekobozor

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining (SES) “Gazeta.uz”ga bergan izohiga ko‘ra, tekshiruvlar prezidentning aholining sog‘lom ovqatlanishi to‘g‘risidagi qarori doirasida o‘tkaziladi. Ushbu hujjat bilan SES, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda “O‘zstandart” agentligiga “nazorat xaridlari” orqali markirovkalash qoidalariga rioya etilishini muntazam ravishda tekshirish topshirilgan.

SES vakillarining aniqlik kiritishicha, tekshiruvlar har juma kuni o‘tkaziladi. Biroq ular nafaqat ekobozorlar, balki boshqa savdo nuqtalarini ham qamrab oladi.

Amal Hayitovning so‘zlariga ko‘ra, ekobozorlar konsepsiyasi sanitar me’yorlarga rioya qilish, tozalikni saqlash va savdo shoxobchalari ijarachilari uchun tashkil etilgan saqlash kameralari mavjudligini o‘z ichiga olgan yuqori xizmat ko‘rsatish darajasini ham nazarda tutadi.

“Ekobozorning supermarketdan farqi shundaki, u mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan olib, xaridorga taklif qiladi, supermarketlar esa tovarlarni distribyutorlar orqali olib, ishlab chiqaruvchilarning savdo belgisi yoki o‘z savdo belgisi ostida sotadi”, — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

“Beruniy” metro bekatidagi ekobozor sotuvchilaridan biri sabzavotlarni ulgurji sotuvchilardan sotib olib, chakana sotishini aytdi. “Bu yerda hamma shunday qiladi”, — deydi u. Boshqa bir sotuvchining ta’kidlashicha, an’anaviy bozorlarda ham vaziyat shunga o‘xshash: “Mening tuzlamalarim uyda tayyorlangan. Ro‘paramdagi qassoblarda ham hammasi o‘zlarining mahsuloti. Shunchaki vositachilardan sotib olingan mahsulotni qayta sotadiganlar ham bor”.

Sut mahsulotlari bo‘limidagi sotuvchi ayol uyida tayyorlangan sut, tvorog va qaymoqni sotishini aytdi. Biroq assortimentni xilma-xil qilish uchun u pishloq va pasterizatsiya qilingan sut ham sotib oladi.

Amal Hayitovning fikricha, ekobozorni an’anaviy bozorlardan makonni tashkil etish uslubi ham ajratib turadi. Ekobozorlarda zonalashtirish xaridorlar uchun qulaylikni hisobga olgan holda loyihalashtiriladi. Savdo shoxobchalarining dizayni va joylashuvi jarayonni tartibga solish va xaridlarni amalga oshirishning qulayligini ta’minlaydi.

Toshkent shahar hokimligi “Gazeta.uz”ga poytaxt ma’muriyati “ekobozor” atamasi ostida nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda “Sergeli”, “Aviasozlar” va “Qoraqamish” bozorlari negizida uchta ekobozor qurish rejalashtirilgan edi, biroq loyiha hali amalga oshirilmagan.