Iqtidorli yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi. Bu haqda bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevga iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir taqdimotda soʻz bordi.
Yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirib, dunyodagi eng ilg‘or universitetlarda o‘qishiga ko‘maklashish maqsadida joriy yil sentyabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qiz saralab olinadi. Ta’lim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan – asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni o‘rgatuvchi fanlardan iborat bo‘ladi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.
Yoshlarimizni Amerikaning «Pechak ligasi» (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.
O‘quvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari «Pechak ligasi» universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.
Chet elda o‘qigan yoshlarni vatanimizda o‘z sohasi bo‘yicha munosib ish bilan ta’minlash maqsadida «Mamlakat oltin fondi hamjamiyati»ni tuzish taklif etilmoqda. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25-mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!