O‘zbekiston

Mirziyoyev 1-sonli «Muruvvat» internat uyini borib ko’rdi

Mirziyoyev 1-sonli «Muruvvat» internat uyini borib ko’rdi

Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1-sonli “Muruvvat” internat uyini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda “Muruvvat” uylariga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar 3 barobardan ziyod oshgan. Ulardagi xodimlar va o‘rinlar soni ham ko‘paytirilgan.

Prezident bolalarning mashg‘ulotlarini birma-bir kuzatdi. Ular bilan suhbatlashib, mehrini izhor qildi. Sharoitlarni yaxshilab, qulayliklar yaratib, nogironligi borlarning iloji boricha hayotda o‘rin topishiga ko‘mak ko‘rsatilishini aytdi.

O‘tgan yili bunday muassasalar uchun davlat byudjetidan 624 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, ularni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash uchun avvalgiga qaraganda ikki barobardan ortiq mablag‘ berilmoqda.

Muassasaning qozonxonasi va muhandislik tarmoqlari ham to‘liq yangilangan. Hududga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, tashqi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan, yo‘laklar asfaltlangan.

Toshkentdagi ushbu “Muruvvat” uyida qo‘shimcha bino qurilib, eski binolar kapital taʼmirlangan. Yozgi sport zali, nogironlarni parvarishlash va jismoniy davolash bo‘limlari, tibbiyot va mashg‘ulot xonalari, faollar zali, kutubxona, yotoqxona va oshxona butunlay yangilangan. Har bir bo‘lim, maxsus xonalar talab darajasida jihozlanib, harakatlanishi qiyin bolalar maxsus aravachalar bilan taʼminlangan.

Shuningdek, muassasada ruhiyatida sezilarli nuqsoni bor 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi. Bugungi kunda 299 nafar o‘g‘il-qiz vasiylikka olingan. Ularga 334 nafar xodim, jumladan, malakali pedagog, defektolog va shifokorlar yordamlashmoqda.

Prezidentimiz bunda ijtimoiy xizmat xodimlari ishini eʼtirof etib, bolalarga mehr-muruvvati uchun minnatdorlik bildirdi.

«Bolalarimizga yaxshi qarayotganingiz uchun katta rahmat sizlarga. Bu og‘ir mehnat, lekin juda savobli va kerakli mehnat,» – dedi davlat rahbari.

Bolalarni imkon qadar reabilitatsiya qilish va hayotga moslashtirish, ota-onalarga psixologik yordam berish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. So‘nggi yillarda imkoniyat va tizim paydo bo‘lgani, boshqa ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni ham yaxshilash zururligi taʼkidlandi.

Endilikda “Muruvvat” uylari zamonaviy reabilitatsiya jihozlari bilan taʼminlanib, o‘z ishini yangi konsepsiya asosida yo‘lga qo‘yadi. Unga ko‘ra, bolalar individual rivojlanish dasturlari asosida jamiyatga integratsiya qilinadi. Barcha “Muruvvat” uylarida uchrashuv xonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, “Qo‘llab-quvvatlash klublari” tuzilib, malakali mutaxassislar vasiylarga nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlash, oila sharoitida tarbiyalash va jamiyatga moslashtirish bo‘yicha bilimlar beradi. Alohida taʼlimga tavsiya berilmagan, og‘ir darajadagi kasalliklari mavjud bolalar uchun “G‘amxo‘rlik guruhi” tashkil etiladi. Barcha hududiy reabilitatsiya markazlarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shunday xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.