Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, bank hisob raqamlari hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan pul mablag‘larini xakerlik hujumi orqali noqonuniy o‘zlashtirishga uringan shaxslarning qilmishlari fosh etildi.
Xususan, Toshkent shahridagi banklardan birining sobiq xodimi hozirgi kunda mazkur bankda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy taʼminoti va hisob raqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni 6500 AQSH dollari evaziga sotib oladi.
So‘ngra, u Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1973-y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1989-y.t. fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, dastlab bank hisob raqamlarida hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan jami 370 mlrd. so‘m mablag‘ni xaker jalb qilgan holda o‘g‘irlashni, keyin esa offshor hududlar orqali chet eldagi tanishlariga tegishli hisob raqamlarga o‘tkazishni reja qilishadi.
Qonunbuzarlar 189 mlrd. so‘mni chet el valyutasiga konvertatsiya qilishga va offshor hududlar orqali xorijdagi hisob raqamiga o‘tkazishga uringan vaqtlarida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular o‘zlarining qabih niyatlari amalga oshgan taqdirda, go‘yoki bankning dasturiy taʼminotiga chet eldan xakerlik hujumi bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on maʼlumot tarqatishni rejalashtirishgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!