Jahon

Tojikistonda ota qizining dabdabali unashtiruvi uchun jarimaga tortildi

Tojikistonda ota qizining dabdabali unashtiruvi uchun jarimaga tortildi

Dushanbeda yashovchi fuqaro an’analar to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun jarimaga tortildi. Shahar Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 13-iyul kuni Rajabali Shirinzoda qizining unashtirilishi munosabati bilan muhtasham bayram tadbiri o‘tkazgan.

Qayd etilishicha, tadbirda ko‘plab mehmonlar ishtirok etgan va qonunchilikda taqiqlanganiga qaramay sovg‘alar topshirilgan.

“Shirinzodaga nisbatan “Bayram va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 481-moddasi 2-qismi talablari buzilganligi yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzildi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Ushbu moddaga ko‘ra, qoidabuzarlik uchun jarima jismoniy shaxslar uchun 8640 somoniy va mansabdor shaxslar uchun 25200 somoniyni tashkil etadi. Ish materiallari sudga yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, javobgarlikka tortilishiga mehmonlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan ko‘plab video va fotosuratlar asos bo‘lgan. Postlar ostida foydalanuvchilar ko‘plab salbiy izohlar qoldirgan. Izohlarda asosan, urf-odatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun faqat oddiy odamlar emas, balki boylar va mashhurlar ham javobgarlikka tortilishi so’ralgan.

Eslatib oʻtamiz, Tojikistonda iyun oyida yangilangan “Anʼanalar, bayramlar va marosimlarni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi. Yangi tahrirda qonun talablarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirilgan.