Qirg‘izistonlik olimlar Myunxendagi Paleontologiya muzeyi olimlari bilan birgalikda Toshko‘mir shahri yaqinidagi tog‘li cho‘l hududida yirtqich teropod dinozavrlarining qoldiqlarini topdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Jonivorga “Alpkarakush kyrgyzicus” nomi berilgan. Tadqiqot Zoological Journal of the Linnean Society (ZJLS) ilmiy jurnalida chop etildi. Mutaxassislarning fikricha, bu Qirg‘iziston hududidan topilgan birinchi teropod dinozavriga aylandi.
Paleontologlarning ta’kidlashicha, “Alpkarakush kyrgyzicus” qirg‘iz qahramonlik eposi “Manas”dagi ulkan mifologik qush Alpqoraqush sharafiga nomlangan. Tur “metriakantosauridae” deb tasniflangan. Metriakantozavrlar va teropodlarning boshqa guruhlari Janubi-Sharqiy Osiyoda vujudga kelgan va keyinchalik Markaziy Osiyo hamda Yevropa orqali boshqa qit’alarga tarqalgan.
Qoldiqlar taxminan 165 million yil avval O‘rta yura davrida hosil bo‘lgan Balbansoy qatlamlari cho‘kindilarida (forma jins qatlamlari to‘plami) topilgan. Suyaklarni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, dinozavr uzunligi taxminan 9 metrga teng.
Aniqlanishicha, dinozavrning bosh suyagida ko‘z bo‘shlig‘i ustidagi katta suyak o‘simtalari bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyida Braziliyada eng qadimgi dinozavrlardan birining suyaklari topilgan edi. Uning yoshi 233 million yil deb baholangandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!