Xabarga ko‘ra, ushbu moliyaviy muassasalar “Hizbulloh” va HAMAS guruhlarini qo‘llab-quvvatlovchi Erondan mablag‘ oladi. Livan Milliy axborot agentligi Bayrutning janubiy chekkalariga 11 ta zarba berilgani, ularning aksariyati “Qard al-Hasan” moliyaviy uyushmasiga qarshi yo‘naltirilganini ma’lum qildi.
Zarbalardan biri Bayrut aeroporti hududiga tushgan. AFP muxbiri voqea joyidan xabar qilishicha, ushbu hududda tutun chiqishiga qaramay, samolyotlar parvozlarini to‘xtatmagan. Aeroport odatdagidek faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, Livanning sharqida, Isroil bilan chegaradan taxminan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Beqaa vodiysi hududidagi “Qard al-Hasan” filiallari hujumga uchragan.
20-oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi vakili Daniel Hagari “Hizbulloh” moliyaviy obyektlari yaqinida yashovchi Livan fuqarolarini zudlik bilan ko‘chib ketishga chaqirgandi. U Isroil armiyasi Livanning turli nuqtalarida “Hizbulloh” banklari va moliyaviy mablag‘lari saqlanadigan joylarga zarba berishini bildirgan.