Jahon

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Rossiyaga 3000 harbiyni yubordi

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Rossiyaga 3000 harbiyni yubordi

KXDR Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun 3 ming harbiyni Rossiyaga yubordi, deya xabar bermoqda Janubiy Koreya rasmiylari. Reuters nashrining yozishicha, bu avvalgi hisob-kitobdan ikki baravar ko‘p — Yaqinda Seul 1500 askar haqida ma’lum qilgandi.

Pxenyan Rossiyaga 10 mingga yaqin askar yuborishni va’da qilgan, jarayon dekabr oyida yakunlanishi kutilmoqda, deya xabar berdi parlament a’zolari jurnalistlarga.

“Qo‘shinlar Rossiyadagi bir nechta o‘quv markazlarida joylashgan va mahalliy sharoitga moslashayotganga o‘xshaydi”, — dedi parlament razvedka qo‘mitasi a’zosi Pak Son Von.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, AQSh rasmiylarida Shimoliy Koreya harbiylari Rossiyada ekani haqida dalillar mavjud, ammo askarlar u yerda nima qilishi hozircha noma’lum. Pentagon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, KXDR harbiylarining joylashtirilishi Rossiyadagi kuch tizimi bilan bog‘liq muammolardan darak beradi.

Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov bir kun avval The War Zone nashriga 23-oktabr kuni Shimoliy Koreyaning Kursk yo‘nalishidagi birinchi bo‘linmalari joylashishi kutilayotgani haqida aytgandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq Pxenyan mojaro hududiga 10 ming jangchini yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Rossiya ham, KXDR ham Shimoliy Koreya harbiylari frontga jo‘natilgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Avvalroq esa Pxenyandan Moskvaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi rad etilgandi.

Wall Street Journal sobiq rossiyalik razvedkachiga tayanib, iyun oyida imzolangan Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada maxfiy band borligini ma’lum qildi. Bu Pxenyanga urush olib borish tajribasiga ega bo‘lish uchun Ukrainaga taxminan 1000 askardan iborat birinchi harbiy to‘lqini yuborishga imkon beradi. Kelgusida ko‘proq askar yuborish rejalashtirilmoqda, deya xabar bergan gazeta suhbatdoshi.