Isroilda BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi faoliyatini taqiqlash bo‘yicha qonun ma’qullandi
Isroil parlamenti 90 kun ichida mamlakatda BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA) faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Agentlik hamda xalqaro tashkilotlar bu harakat “xavfli pretsedent yaratishi” va “BMT nizomiga zidligi”ni bildirmoqda.
Isroil parlamenti (Knesset) BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA)ning mamlakat hududida faoliyatini 90 kun ichida taqiqlovchi ikkita qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.
Qonun loyihasining biri agentlikning G‘azo sektori, Iordaniyaning G‘arbiy qirg‘og‘i va Sharqiy Quddusdagi faoliyatini amalda to‘xtatsa, ikkinchisi Isroil amaldorlari va davlat organlariga agentlik bilan aloqani taqiqlaydi. 92 nafar deputat qonunni qo‘llab-quvvatladi, 10 nafari qarshi ovoz bergan.
Agentlik bu holatga munosabat bildirdi, unga ko‘ra, Knessetdagi ovoz berish “xavfli pretsedent yaratadi” va “BMT nizomiga zid”. Shuningdek, Isroilning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlarini buzadi. Agentlikning ta’kidlashicha, qonun falastinliklarning, “ayniqsa, odamlar bir yildan ortiq vaqtdan beri do‘zaxni boshdan kechirayotgan G‘azo sektorida” azob-uqubatlarni kuchaytiradi.
“Bu 650 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarni ta’limdan mahrum qiladi va butun bir avlod bolalarini xavf ostiga qo‘yadi. Ushbu qonun loyihalari falastinliklarni ommaviy jazolashdan boshqa narsa emas. UNRWA va uning xizmatlariga chek qo‘yish falastinliklarni qochoqlik maqomidan mahrum qilmaydi. Falastinliklar ahvolining adolatli va barqaror yechimi topilmaguncha ushbu maqom BMT Bosh assambleyasining boshqa rezolyutsiyasi bilan himoya qilinadi”, deyiladi agentlik bayonotida.
Bu qonun loyihalarini qaytarishda muvaffaqiyatsizlikka uchrash Ikkinchi jahon urushidan so‘ng o‘rnatilgan umumiy ko‘p tomonlama tizimimizni zaiflashtiradi. Bu hol barchamizni tashvishga solishi lozim, deya ta’kidladi agentlik.
Hozirgacha 1,9 milliondan ortiq falastinlik ko‘chirilgan va G‘azo sektori oziq-ovqat, suv va dori-darmonlarning keng taqchilligiga duch kelmoqda.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlat G‘azodagi gumanitar operatsiyada eng katta yordam ko‘rsatgan BMT agentligini yo‘q qilish ustida ish olib borayotgani juda achinarli”, — deydi UNRWA matbuot kotibi Juletta Tuma.
UNRWA 1949-yilda 1948-yilgi Arab-Isroil urushidan keyin ko‘chirilgan yuz minglab falastinlik qochqinlarga yordam berish uchun tashkil etilgan. Agentlikning vazifalari G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, Livan, Suriya va Iordaniyadagi falastinliklarga ta’lim, gumanitar va tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Qo‘shma Shtatlar, Germaniya va Yevropa Ittifoqi agentlik uchun eng yirik donorlar qatoriga kiradi. Uning G‘azo sektorida 13 ming xodimi bor.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish (Isroil Guterrishni persona non grata deb e’lon qilib, uning mamlakatga kirishini taqiqlagan):
Agar bu [qonun loyihasi] amalga oshsa, Isroil Knesseti tomonidan qabul qilingan qonunlar, ehtimol, UNRWAning bosib olingan Falastin hududida o‘zining muhim ishini davom ettirishga to‘sqinlik qiladi, bu esa Falastin qochqinlari uchun halokatli oqibatlarga olib keladi. Men Isroilni BMT nizomi va xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq izchil harakat qilishga chaqiraman. Milliy qonunchilik ushbu majburiyatlarni o‘zgartira olmaydi.
Men bu masalani BMT Bosh assambleyasi e’tiboriga havola etaman va vaziyat qanday rivojlanishi bilan assambleyani yaqindan xabardor qilib boraman. UNRWAning muqobili yo‘q.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!