Jahon

15 davlat Xitoyni uygʻur mahbuslarini ozod qilishga chaqirdi

15 davlat Xitoyni uygʻur mahbuslarini ozod qilishga chaqirdi

Gʻarbning 15 davlati Xitoydan hibsga olingan barcha uygʻurlar va tibetliklarni ozod qilish hamda huquq faollariga yashash joylariga borishiga ruxsat berish talab qilingan ommaviy bayonotni imzoladi.

Bayonot Kanada, Daniya, Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya, Islandiya, Yaponiya, Litva, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Britaniya va AQSh tomonidan imzolandi.

Imzolovchilar Xitoy inson huquqlari boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni hurmat qilishi va inson huquqlarini yaxshilash boʻyicha jahon hamjamiyatining tavsiyalarini amalga oshirishi kerakligini ta’kidladi.

Jumladan, AQSh Xitoyning uygʻurlarga nisbatan harakatlarini «genotsid» deb atadi. Jahon Uygʻurlar Kongressi vitse-prezidenti Ilshat Hasan Kokburiy bayonot e’lon qilinganidan xursand ekanligini, biroq Xitoyda oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun aniqroq choralar koʻrish vaqti kelganini aytdi.

«Genotsid hozir ham toʻxtagani yoʻq. Bu shoshilinch masala. Dunyo Xitoy hukumati tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni toʻxtatish uchun yanada kuchliroq choralar koʻrishi kerak», deya qoʻshimcha qildi u.

Avvalroq, 24-27 oktyabr kunlari Bosniya va Gertsegovina poytaxti Saraevoda uch yilda bir marta oʻtkaziladigan Jahon Uygʻur Kongressi yetakchilari ushbu tadbirni oʻtkazmaslik uchun Xitoy tomonidan kuchli bosim va taqiblar boʻlganini ma’lum qildi.

“Iyun oyida Bosh assambleyamiz Saraevoda boʻlib oʻtishini e’lon qilganimizdan beri koʻplab tahdidlarga duch keldik, jumladan, a’zolarimiz va yuqori lavozimlarga da’vogar nomzodlarimizga nisbatan tuhmat kampaniyalari uyushtirildi”, – dedi Jahon uygʻurlari kongressi direktori Zumretay Arkin “Ozodlik” bilan suhbatda.

25 dan ortiq davlat – Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Evropa va Shimoliy Amerika – diaspora vakillari ishtirok etgan yigʻilish arafasida tashkilot, Arkinning soʻzlariga koʻra, xakerlik hujumlarini boshdan kechirgan, a’zolari va ularning oilalar jismoniy tahdidlarga uchragan.

“Ular Saraevoda majlis oʻtkazilishiga har tomonlama toʻsqinlik qilishga urindilar”, deydi Zumretay Arkin.