Xalqaro ahamiyatdagi A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu”avtomobil yo‘lida 240 kilometrli sement-beton qoplamali yangi yo‘l barpo etildi
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva maʼlum qildi.
Bu yo‘l mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan strategik avtomagistraldir.
Turkiyaning “Po‘lat yo‘l yapi san ve Tik SA” va Ozarbayjonning “Nord Vest Konstrakshin” qo‘shma korxonasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “CRBC va SSSS Third Highway Engineering Co. Ltd” qo‘shma korxonasi xalqaro ahamiyatdagi yo‘l inshootining sement-beton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchilari etib tayinlangan.
Loyihaning umumiy qiymati 383,4 million AQSH dollariga teng bo‘lib, shundan Osiyo Taraqqiyot bankining mablag‘i – 274,9 million AQSH dollarini, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 108,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Qurilish ishlari 2020-2024 yillarda amalga oshirildi.
Mazkur avtomobil yo‘lining (964–1084 km) 120 km qismini qurish masʼuliyatini Turkiyaning “Po‘lat yo‘l yapi san ve Tik SA” va Ozarbayjonning “Nord Vest Konstrakshin” qo‘shma korxonasi o‘z zimmasiga olgan. Mazkur korxonalar bilan 107,6 million AQSH dollariga teng qiymatdagi hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Shuningdek, qolgan 120 km (1084 – 1204 km) qismini yana bir pudratchi Xitoyning “China Road and Bridge Corporation, China Communications Construction Company Third Highway Engineering Co.,LTD va Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction CO., LTD” qo‘shma korxonasi bilan 103,8 mln dollarlik hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!