Sirdaryodagi 1500 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasida texnik nosozlik yuzaga kelgani sababli mamlakatning ayrim hududlarida elektr taʼminotida vaqtinchalik uzilishlar bo‘lishi mumkin. Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, ACWA Power tomonidan qurilgan stansiyaning 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi aniqlangan.
Yangi rotor Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi tomonidan tayyorlanib, 8-dekabr kuni maxsus reys orqali Toshkentga yetkazildi. Og‘irligi 114 tonna bo‘lgan uskuna stansiyaga olib borilgan, uni oʻrnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy davom etadi.
Bu jarayonda energiya taqchilligini kamaytirish uchun zaxiradagi quvvatlar va yangi ishga tushirilayotgan bloklardan foydalanilmoqda. Ob-havoning bulutli bo‘lishi va qishki kunlarning qisqaligi sabab quyosh fotoelektr stansiyalarining ishlab chiqarish hajmi kamaygani ham eslatib o‘tilgan.
Shu bois, isteʼmol eng yuqori bo‘ladigan 17:00–21:00 oralig‘ida ayrim hududlarda qisqa muddatli elektr uzilishlari ehtimoli mavjud. Zarurat tug‘ilganda aholiga oldindan xabar berilishi taʼkidlanmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!