Jahon

“Dunyoning eng mehribon sudyasi” Frenk Kaprio 88 yoshida vafot etdi

“Dunyoning eng mehribon sudyasi” Frenk Kaprio 88 yoshida vafot etdi

Amerikalik sudya Frenk Kaprio 88 yoshida oshqozon osti bezi saratonidan vafot etdi. Bu haqda uning Facebook’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

Rod-Aylend shtatining Providens shahrida faoliyat yuritgan Kaprio kichik huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishdagi mehribonligi va rahm-shafqati bilan butun dunyoda tanilgan edi. Uni ko‘pchilik “Caught in Providence” (“Providensda tutilganlar”) dasturi orqali biladi.

“U uzoq va jasoratli kurashdan so‘ng osuda vafot etdi. Rahm-shafqati, kamtarligi va insonlarga bo‘lgan ishonchi bilan dunyoga sevimli bo‘lgan sudya Kaprio nafaqat sud zalida, balki insoniyligi bilan ham millionlab odamlarga ta’sir ko‘rsatdi”, — deyiladi bayonotda.

CNN yozishicha, Kaprio sud majlislarida ko‘pincha odamlarning shaxsiy hikoyalariga empatiya bilan yondashgan. Uning mashhur chiqishlaridan birida ota-onasining jarima ishida bolalarni jalb qilgani, yana birida esa o‘g‘li o‘ldirilgan ayolni hamdardlik bilan tinglab, 400 dollarlik jarimani bekor qilgani esda qolgan.

Kaprio o‘z sud zalini “odamlarni mehribonlik va rahm-shafqat bilan kutib oladigan joy” deb ta’riflardi. Uning videolari YouTube’da millionlab tomoshabinlar e’tiborini tortgan.

2023-yil dekabr oyida u saraton kasalligiga chalinganini e’lon qilgan va 40 yillik faoliyatidan so‘ng iste’foga chiqqandi. Shu yili Kaprio o‘zbekistonlik talaba Muhammadobidbek Obidjonov ishini ham ko‘rib chiqqan edi.