Jamiyat, Jinoyat

Toshkentda shifoxonalarga imtiyozli order sotayotganlar qo‘lga olindi

Toshkentda shifoxonalarga imtiyozli order sotayotganlar qo‘lga olindi

Ular har qanday shifoxonada davolanish uchun 1,5–2 million so‘m evaziga order tayyorlab bergan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida shifoxonalarda davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma (order)larni noqonuniy ravishda sotish bilan shug‘ullangan shaxslar ushlangan.

Aniqlanishicha, fuqaro G.M. tibbiyot birlashmalarida ishlovchi tanishlari orqali har qanday shifoxonada davolanish imkonini beruvchi orderlarni 1,5–2 million so‘m evaziga tayyorlab berishini ijtimoiy tarmoqlarda muntazam reklama qilib kelgan. O‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida G.M., uning sheriklari hamda bir nechta tibbiyot xodimlari qo‘lga olingan.

Tekshiruv vaqtida G.M. sherigi yonida ham shunday orderlar borligi aniqlangan. Shuningdek, Ibn Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasida foydalanish uchun berilgan orderlar ham topilgan. Ularda Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalardan birida ishlayotgan shifokorlarning imzosi va muassasa muhri qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va dastlabki tergov harakatlarini boshlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.