Jahon

Turkmaniston yetakchisi O‘zbekiston prezidentiga tuya va bo‘taloq sovg‘a qildi

Turkmaniston yetakchisi O‘zbekiston prezidentiga tuya va bo‘taloq sovg‘a qildi

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tuya va bo‘taloq sovg‘a qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Berdimuhamedov Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga esa Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va turkman xalqi nomidan Taus nomli Axalteki otini tuhfa qilgan.

Uchrashuv doirasida uch yetakchi “Avaza” kongress markazi yonidagi maxsus maydonga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonlarga “Galkinish” milliy ot sporti jamoasining Axaltekin zotli tulporlari namoyishi taqdim etildi.

“Galkinish” jamoasi ilgari ham bir qator yutuqlarga erishgan. Jumladan, Monte-Karloda o‘tkazilgan 47-xalqaro sirk festivalida oltin mukofotga sazovor bo‘lgan, shuningdek Istanbulda bo‘lib o‘tgan Xalqaro etnosport festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sovg‘a almashinuvi va ot sporti namoyishlari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.