Jizzax viloyati Arnasoy tumanida, Aydar ko‘li atrofida ekologik uyg‘unlik va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan yangi ekoturizm maskani barpo etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda mamlakatda turizmni rivojlantirish, ichki va ziyorat turizmi imkoniyatlarini kengaytirish hamda yangi marshrutlar tashkil etishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan edi. Ana shu da’vatdan so‘ng Aydar – Arnasoy hududidagi loyihalar jonlanib, zamonaviy sayohat infratuzilmasini shakllantirish ishlari izchil davom etmoqda.
Loyiha doirasida ekomehmonxonalar, piyoda va velosiped yo‘laklari, axborot markazi barpo etilmoqda. Quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari, chiqindilarni saralash punktlari kabi yechimlar hududning ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qurilish ishlariga 60 dan ortiq texnika va 190 nafardan ziyod ishchi jalb etilgan bo‘lib, ularning aksariyatini mahalliy aholi tashkil etmoqda. Bu esa loyihaning ijtimoiy ahamiyatini — yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.
Aydar – Arnasoy ekoturizm maskanini 2025 yil noyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. U nafaqat dam olish uchun qulay maskan, balki O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va turizm siyosatining amaliy namunasiga aylanishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!