Iqtisod

O‘zbekistonda ish haqi o‘sishi mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi

O‘zbekistonda ish haqi o‘sishi mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi

Markaziy bank e’lon qilgan “Mehnat bozori sharhi”ga ko‘ra, so‘nggi choraklarda O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga nisbatan pastroq bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–mart oylarida Markaziy Osiyo davlatlarida real ish haqining o‘rtacha o‘sishi 9,8 foizni, ayrim Kavkaz davlatlarida esa 9,1 foizni tashkil qilgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich ancha past shakllangan.

Markaziy bank sharhida qayd etilishicha, agar bunday tafovut uzoq muddat saqlansa, mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishi va ichki talabning susayishiga olib kelishi mumkin.

Hisobotda keltirilishicha, 2025-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda eng kam ish haqi 91 AQSh dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Belorusda 243, Ozarbayjonda 235, Mongoliyada esa 222 dollar bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda yillik minimal ish haqining aholi jon boshiga YAIMdagi ulushi 35 foizni tashkil etgani qayd etilgan. Mintaqada bu ko‘rsatkich Qozog‘iston (14 foiz), Qirg‘iziston (14 foiz) va Gruziya (12 foiz)dan tashqari boshqa davlatlarda yuqoriroq va o‘zaro yaqin shakllangan.