Madaniyat

“Janubiy Surxon” suv omborida ekoturizm majmuasi barpo etiladi

“Janubiy Surxon” suv omborida ekoturizm majmuasi barpo etiladi

Surxondaryo viloyatidagi tog‘li rekreatsion hududlar, suv omborlari, daryo sohillari va ko‘llarda tabiatga zarar yetkazmagan holda zamonaviy ekoturizm maskanlarini barpo etish, ularning boy sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Janubiy Surxon” suv ombori hududida ekoturizm majmuasi qurish uchun 15,7 gektar maydon ajratildi. 140 milliard so‘mlik loyiha doirasida tabiiy muhitni asrash, yangi yashil hududlar barpo etish, ekologik talablarga mos yo‘l va infratuzilma qurish, oqova suvlarni tozalash tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Zamonaviy majmua tarkibida kottej uylar, basseyn, avtoturargoh, avtomobil yuvish shoxobchalari, savdo va umumiy ovqatlanish nuqtalari, suv usti ayvonlari, sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘laklari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, baliqchilik yo‘lga qo‘yilib, hudud keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtiriladi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov suv omborida bo‘lib, loyiha taqdimoti bilan tanishdi va qurilish hamda obodonlashtirish ishlarini tizimli ravishda bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Ma’lumot uchun, bundan 58 yil avval ishga tushirilgan “Janubiy Surxon” suv ombori dengiz sathidan 408 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, suv yuzasi 65 kvadrat kilometr, to‘la sig‘imi esa 800 million kub metrni tashkil etadi.