Jamiyat

O‘zbekistonda “Dolzarb 10 kunlik” ekologik tadbirlari boshlandi

O‘zbekistonda “Dolzarb 10 kunlik” ekologik tadbirlari boshlandi

25-avgustdan 5-sentabrgacha mamlakat bo‘ylab atrof-muhitni chiqindilardan tozalashga qaratilgan navbatdagi “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bu tashabbus Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya vazirligi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Tadbirlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida, atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etilgan.

10 kun davomida respublikaning barcha jamoat joylari, bog‘lar, xiyobonlar, ko‘chalar va boshqa hududlar chiqindilardan tozalanadi. Shu bilan birga, aholida, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyat va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ma’lumot uchun, bunday tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Jumladan, 2024-yil 25-dekabrdan 2025-yil 5-yanvargacha o‘tkazilgan “Dolzarb 10 kunlik” doirasida 800 mingdan ortiq jamoat joylari, mahallalar va markaziy ko‘chalar obod qilinib, mamlakat bo‘ylab 135 ming tonnadan ortiq chiqindi yig‘ishtirib olindi.