Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki dori vositalari ishlab chiqarib, dorixonalar orqali sotilgani fosh etildi.

Biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga tegishli manzilda yashirin sex faoliyat yuritib kelgani aniqlandi. Tekshiruvda 11 dona dori ishlab chiqarish stanogi, 21 dona qolip, 389 kilogramm kukun va tabletkalar, shuningdek, “Raikal” pnevmatik quroli hamda boshqa ashyoviy dalillar olindi.

MCHJning ikkinchi manzilida ham noqonuniy sex tashkil etilgani ma’lum bo‘lib, u yerdan kapsulalar, qutilar, yo‘riqnomalar, xom-ashyolar va uskunalar protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” ekspertizasiga ko‘ra, sexda “Ursosan 250 mg”, “Neyromidin 20 mg” va “Fanigan” dori vositalari qalbakilashtirilgan.
Shuningdek, dorilarni sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxsning dorixonasida ham tekshiruv o‘tkazilib, 15 turdagi 1 067 quti qalbaki va 14 turdagi 274 quti yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar aniqlandi.
Hozirda noqonuniy sex tashkilotchisi bo‘lgan 3 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!