Jamiyat

Oqqo‘rg‘onda noqonuniy bedana ovlash holati aniqlandi

Oqqo‘rg‘onda noqonuniy bedana ovlash holati aniqlandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi tomonidan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tezkor reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida fuqaro A.A. boshoqli don ekinidan bo‘shagan dala maydonida taqiqlangan usul — to‘rdan foydalanib, 15 dona bedanani ovlagani aniqlangan. Bu harakat bilan u O‘zbekiston Respublikasi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasi talablarini buzgan.

Mazkur huquqbuzarlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi 4-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirildi va hujjatlar sud organiga yuborildi.

Huquqbuzardan olib qo‘yilgan qushlar xolislar ishtirokida tabiatga qo‘yib yuborildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 3 million 90 ming so‘m etib hisoblandi va undiruv belgilandi.