Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev BMT Turizmning Bosh kotibi lavozimiga saylangan Shayxa Al Novays bilan onlayn muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Shadiyev suhbatdoshini tarixiy saylanishi bilan tabrikladi hamda O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etish va hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Kutilishicha, Shayxa Al Novays noyabr oyida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleya sessiyasida rasman tasdiqlanib, ushbu lavozimni egallagan ilk ayol bo‘ladi.
O‘zbekiston bugungi kunda mintaqaning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida ajralib turayotgani qayd etildi. Mamlakat qadimiy Buyuk Ipak yo‘li merosi, boy madaniy an’analar va zamonaviy xizmat ko‘rsatish darajasining uyg‘unligi bilan xorijiy sayyohlarni jalb qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xavfsizlik reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallab, mehmonlar va sarmoyadorlar uchun qulay sharoit yaratishda davom etayotgani ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar malakali kadrlar tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!