25-avgust kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan 16-son shahar kasalxonasi hududida tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan press-tur tashkil etildi. Unda respublika va mahalliy OAV vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan “Nol chiqindi” tamoyiliga asoslanib, 2024-yil 17-iyuldagi 263-son qaror ijrosi doirasida amalga oshirildi. AQShning “Sayar” kompaniyasi tomonidan bunyod etilgan ushbu zavod mamlakatimizda o‘z yo‘nalishida ilk loyihadir.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 13-aprelda investor, loyiha kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangan edi.
Shartnomaga muvofiq:
Birinchi bosqichda (2024–2025-yillar) 7 mln. dollar miqdorida investitsiya jalb qilinib, Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida yiliga hosil bo‘ladigan 6 ming tonna chiqindi termik qayta ishlanadi va 20 GVt soat quvvatga ega uskunalar ishga tushiriladi.
Ikkinchi bosqichda (2026–2030-yillar) 108 mln. dollar miqdorida investitsiya jalb etilishi natijasida respublikaning boshqa hududlaridagi tibbiyot muassasalarida yiliga 90 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, 300 GVt soat quvvatga ega uskunalar ishga tushiriladi.
Bugungi kunda Chilonzordagi zavod qurilish-montaj ishlari yakunlanib, insinerator uskunalari o‘rnatildi. Hozirda zavodda kuniga 3 tonnagacha tibbiyot chiqindisi yoqilmoqda, ishlab chiqarish quvvati esa kuniga 20 soat davomida 6 tonnani tashkil etadi.
Shuningdek, Toshkentning Olmazor tumanidagi Toshkent Tibbiyot akademiyasi klinikasi hamda Toshkent tumanidagi Pediatriya tibbiyot instituti hududida navbatdagi shunday zavodlarning qurilishi davom etmoqda.
Press-tur davomida OAV vakillari mutasaddilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!