Madaniyat

Tungi xotirjamlikda Xongul ko‘rinish berdi

Tungi xotirjamlikda Xongul ko‘rinish berdi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Qizilqum davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqonga Xongul (Buxoro bug‘usi) muhrlandi.

Mazkur tur yo‘qolib borayotgan va lokal tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES II Ilovasiga kiritilgan. Shuningdek, Bonn Konvensiyasida ham qayd etilgan bo‘lib, uni saqlab qolish bo‘yicha xalqaro dastur va rejalar amalga oshirilmoqda.

Xongullar o‘tmishda Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi to‘qayzorlar bo‘ylab keng tarqalgan. Bugungi kunda esa Surxondaryo viloyati, Buxoro viloyatidagi Qizilqum qo‘riqxonasi, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Quyi Amudaryo biosfera rezervati va O‘zbekiston–Tojikiston chegarasida ularning tabiiy populyatsiyalari hamda sun’iy guruhlari mavjud.

Xongul qayir to‘qayzorlari va ba’zan qumli cho‘llarda yashaydi. U yozda asosan tunlari, qishda esa kunduzi faol bo‘ladi. Juftlash mavsumi sentabr–oktabrga to‘g‘ri keladi, may–iyun oylarida esa bolalaydi.

Ma’lumot uchun, Qizilqum davlat qo‘riqxonasi 1971-yil 23-iyunda Buxoro viloyatida tashkil etilgan bo‘lib, uning hududida 350 dan ortiq hayvon turlari yashaydi. Ulardan 50 tasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.