2025-yilgi ov mavsumi ochilishi munosabati bilan Jizzax va Navoiy viloyatlarida seminar tashkil etildi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti vakillari, ovchilik xo‘jaliklari hamda mahalliy aholi ishtirok etdi.

Seminarda ov mavsumining tashkiliy jihatlari, qonun talablari, ov qurollari va usullaridan foydalanish tartibi, brakonyerlikka qarshi kurashish hamda tabiatni muhofaza qilish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, ovchilik xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar uchun ruxsatnoma olish tartibi tushuntirildi.

Qonunchilikka ko‘ra, qo‘riqxonalar, tabiatni muhofaza qilish hududlari va tarixiy-madaniy ahamiyatga ega joylarda ov qilish taqiqlanadi. Noqonuniy ov qilgan fuqarolar 8 million 240 ming so‘mdan 12 million 360 ming so‘mgacha jarimaga tortilishi belgilangan.

Seminar davomida ovchilik xo‘jaliklari va mahalliy jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, ruxsatnoma berish jarayonini elektron platforma orqali soddalashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!