Madaniyat

Samarqand Xalqaro turizmni rivojlantirish tashkilotiga a’zo bo‘ldi

Samarqand Xalqaro turizmni rivojlantirish tashkilotiga a’zo bo‘ldi

Vetnamning Ho Shi Min shahrida o‘tkazilgan Xalqaro turizmni rivojlantirish tashkiloti (Tourism Promotion Organization for Asia-Pacific Cities – TPO)ning 12-assambleyasida Samarqand viloyati delegatsiyasi ishtirok etdi.

TPO 2002-yilda Yaponiyaning Fukuoka shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi shaharlarining turizm sohasida hamkorligini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Bugunga kelib tashkilotga dunyoning 40 dan ortiq davlatidan shaharlar a’zo.

E’tiborlisi, MDH davlatlari orasida Samarqand birinchi bo‘lib ushbu tashkilotga qo‘shildi.

Assambleya doirasida Samarqandning tarixiy merosi, madaniyati va zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, viloyat delegatsiyasi Malayziyaning Kuala-Lumpur, Koreya Respublikasining Pusan va Indoneziyaning Jakarta shaharlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, qo‘shma loyihalar hamda sayyohlar almashinuvi masalalarini muhokama qildi.