Rossiya hukumati “Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya” (BRE) loyihasini rasman tugatdi. Uni yaratishga qariyb 2 milliard rubl sarflangan bo‘lsa, yopish jarayoniga yana 303 million rubl ajratiladi. Bu mablag‘ xodimlar maoshi, ishdan bo‘shatish to‘lovlari va qarzlarni yopishga yo‘naltiriladi.
Loyiha 2019-yilda Vladimir Putin tashabbusi bilan Vikipediyaga muqobil sifatida yo‘lga qo‘yilgan, ammo amalga oshmay qoldi. 2022-yilda ishga tushirilishi kerak edi, biroq muddatlar cho‘zildi. Maqolalarning ko‘pi “Katta sovet ensiklopediyasi”dan olingani va siyosiy shaxslar haqida ma’lumot yo‘qligi loyihaga ishonchni pasaytirdi. 2024-yil bahorida xodimlar maosh olmagani, iyunda sayt yangilanmagani, iyulda esa portal rasman yopilgani e’lon qilingan edi.
Rasmiylarga ko‘ra, BREdagi qolgan materiallar milliy internet-ensiklopediya “Ruviki”ga o‘tkazilishi mumkin. Mutaxassislar esa bu tashabbusni davlat mablag‘lari hisobidan natijasiz tugagan yirik media-loyiha sifatida baholamoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!