8-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida FIFA prezidenti O‘zbekiston xalqini milliy terma jamoaning tarixiy yutug‘i — 2026 yilda AQSHda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olgani bilan tabrikladi.
Bu yutuq mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar va ko‘makning amaliy natijasi sifatida qayd etildi.
Muhokama qilingan masalalar:
- futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish;
- yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash;
- murabbiy, hakam, menejer, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash;
- yoshlar o‘rtasida futbolni ommalashtirish dasturlarini kengaytirish.
FIFA texnik ko‘magida O‘zbekistonda zamonaviy Milliy futbol markazi va raqamli futbol bo‘yicha situatsion markaz tashkil etilgani, shuningdek, futzal bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mirziyoyev FIFA rahbari Janni Infantinoni o‘zbek futbolini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!