Ilm-fan

Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etildi

Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etildi

Oʻzbekistonda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab pedagogika yoʻnalishidagi oliygoh talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi joriy etildi. Bu haqda Prezident farmoni imzolangan.

Mazkur stipendiya pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichida oʻqiyotgan 3-4-kurs talabalari uchun ajratiladi. Tanlov jarayoni 1993-yil 5-fevraldagi PF–555-son farmonida belgilangan tartib asosida oʻtkaziladi.

Abdulla Avloniy stipendiyasi miqdori 1 million 461 ming soʻmni tashkil etib, bu oddiy stipendiyadan qariyb 840 ming soʻm koʻproqdir.

Ayni vaqtda Oʻzbekistondagi pedagogika yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan 13 ta oliygohning 74 mingdan ortiq yuqori kurs talabalari ushbu stipendiya uchun nomzod boʻlishi mumkin.

Stipendiya yoshlarning ilmiy izlanishlariga ragʻbat yaratib, sohada malakali va zamonaviy talablar asosida kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qilishi kutilmoqda.