Ilm-fan, O‘zbekiston

Xorijiy talabalar soni uch barobar oshiriladi

Xorijiy talabalar soni uch barobar oshiriladi

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 13 ming nafar xorijiy talaba taʼlim olmoqda. Bu umumiy talabalarning 3 foizini tashkil etadi. Ularning asosiy qismi Hindiston, Turkmaniston va Pokistondan kelgan boʻlib, 78 foizi tibbiyot yoʻnalishini tanlagan.

2030-yilgacha xorijiy talabalar sonini 50 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun “Oʻzbekiston — mintaqaviy taʼlim xabi” konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Unga koʻra, talabalar axborot texnologiyalari, muhandislik, agrotexnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot kabi sohalarga ham jalb qilinadi.

Shuningdek, TOP-500 universitetlari bilan qoʻshma dasturlar yoʻlga qoʻyiladi, TOP-100 oliygohlar bilan esa davlat-xususiy sheriklik asosida hamkorlik kuchaytiriladi. Xorijiy diplomlarning tan olinishini taʼminlash uchun xalqaro akkreditatsiyalar (ABET, AACSB, WFME) joriy etiladi.

Xorijlik talabalarga ragʻbat sifatida 15 milliard soʻmli maxsus Fond tashkil etiladi va har yili 500 ta grant ajratiladi.