“O‘zbek Shveysariyasi” nomi bilan mashhur Zomin tumani o‘zining ajoyib landshaftlari, toza tog‘ havosi, boy flora va faunasi, qadimiy ziyoratgohlari hamda noyob milliy sihatgohi bilan mashhur. So‘nggi yillarda bu hududda turizm sohasi jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

Bugungi kunda tuman hududida 3103 o‘rinli 146 ta joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda. 2025-yilning o‘tgan davrida esa 267 o‘rinli 2 ta yangi mehmonxona ish boshladi.

“Zomin” turistik-rekreatsion zonasida jahon standartlariga mos infratuzilmalar barpo etilmoqda. Xususan, “Suffa platosi 2400” xalqaro kurorti hududida “WYNDHAM” brendi asosida 720 o‘rinli 3 ta mehmonxona, 400 o‘rinli besh qavatli avtoturargoh hamda 500 nafar sayyohni qabul qila oladigan sog‘lomlashtirish markazi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Zominda uzunligi 305 metr, balandligi 150 metr bo‘lgan osma ko‘prik va 36 ta kabinadan iborat zamonaviy osma dor yo‘li sayyohlar uchun jozibador maskanga aylangan. Tumanda 3 ta madaniyat va istirohat bog‘i, 100 dan ortiq umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 10 ta ekoturizm obyektlari, 2 ta muzey hamda 109 ta madaniy meros obyekti faoliyat ko‘rsatmoqda.

2025-yilning o‘tgan davrida Zominga 89 mingga yaqin xorijiy va 571 ming mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Yil yakuniga qadar 112,5 ming xorijiy, 778 ming mahalliy sayyohni jalb qilish hamda 16,8 mln dollar turizm xizmatlari eksportini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bunday natijalarga erishish uchun tumanda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, yil yakuniga qadar 18 ta yangi joylashtirish vositasi (mehmonxona, oilaviy mehmon uylari, xostel va oynavand kapsulalar) ishga tushiriladi, 4 ta turistik tashkilot faoliyat boshlaydi, 9 ta yangi loyiha amalga oshirilib, 232 ta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, turistik rekreatsion zona hududida tibbiyot turizmi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada xorijiy va mahalliy investorlar jalb qilinmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!